Bosh sahifa
31.08.2010

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Vatanimiz mustaqilligining 19 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Mustaqillik – eng ulug‘, eng aziz ne’mat. Ozodlik, hurriyat, erkinlik. Bu oliy tushunchalarni yurakdan his qilish, anglab yashash – buyuk saodat.

Mustaqillik – xalqimiz uchun erkin, baxtli va farovon, hech kimdan kam bo‘lmagan hayot kechirish imkonini bergani, yurtdoshlarimizning barcha sohalarda o‘z iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratgani bilan qadrlidir.

Xalqimiz o‘zining eng ulug‘, eng aziz ayyomi – mustaqilligimizning o‘n to‘qqiz yilligini keng nishonlamoqda. Bu go‘zal bayram qalblarimizga cheksiz faxr-iftixor, ko‘ngillarimizga surur baxsh etadi. Ota-bobolarimizning asriy orzulari ushalgan mazkur tarixiy kun yurtimizning barcha shaharu qishloqlarida keng miqyosda, ulkan shodiyonalar bilan tantana qilinmoqda.

31.08.2010

Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar doimo bir-biri bilan yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining o‘n to‘qqiz yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu yana bir bor o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston erishayotgan betimsol yutuqlar, mamlakatimizdagi yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimizning farovon turmush tarzi, osoyishta hayotimiz, voyaga yetayotgan barkamol avlod – mana shunday ulug‘ ne’matlarni in’om etgan istiqlol uchun qanchadan-qancha ajdodlarimiz kurashgan, shahid ketgan.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish eng ezgu an’analardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan poytaxtimizning Bo‘zsuv sohilida bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui xalqimiz, millatimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. 31 avgust mamlakatimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi.

30.08.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 avgust kuni Buxoro shahriga tashrif buyurdi.

Yigirma besh asrdan ziyod tarixga ega Buxoro jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘hna va navqiron shaharlarimizdan biri. Qadimdan ilmu ma’rifat, madaniyat maskani bo‘lgan bu go‘sha ta’rifi yetti iqlimga yoyilgan.

Mustaqillik yillarida Buxoro viloyatida ham ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Tub maqsadi inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida viloyatning sanoat salohiyati yuksaldi, aholining turmush sharoiti yaxshilanib, shahar va qishloqlar tobora chiroy ochayotir.

Yaqinda barpo etilgan “Buxoro madaniy markazi” majmui bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida alohida o‘rin tutadi. 107 gektardan iborat mazkur majmuada yirik inshootlar – 700 o‘rinli viloyat musiqali drama teatri, ikki ming tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr, “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti qad rostladi. Mazkur ob’ektlar Buxoroning o‘ziga xos me’morchilik an’analari va zamonaviy arxitektura andozalari uyg‘unligida barpo etildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.09.2010
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati